Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan “juda ijobiy va samarali” telefon suhbati o‘tkazganini ma’lum qildi.
“Biz havo mudofaasini mustahkamlash imkoniyatlarini hamda bu borada amalga oshirilayotgan aniq kelishuvlarni muhokama qildik,” — dedi Zelenskiy X (Twitter) platformasida.
Suhbat Ukraina hukumat delegatsiyasining yaqin haftalarda AQShga rejalashtirilgan tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi. Zelenskiyga ko‘ra, uchrashuvlarning asosiy mavzusi Ukrainaga havo mudofaasi tizimlarini yetkazib berish bo‘ladi.
I had a call with US President Donald Trump—a very positive and productive one. I congratulated @POTUS on his success and the Middle East deal he was able to secure, which is an outstanding achievement. If a war can be stopped in one region, then surely other wars can be stopped… pic.twitter.com/gDuEANq2e6
— Volodymyr Zelenskyy / Володимир Зеленський (@ZelenskyyUa) October 11, 2025
Zelenskiy, shuningdek, Trampni Yaqin Sharq tinchlik tashabbusidagi muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, “agar bir hududda urush to‘xtatilsa, demak, boshqa urushlarni ham to‘xtatish mumkin — jumladan Rossiya urushini ham,” deya ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qish mavsumi yaqinlashar ekan, Ukraina energetika infratuzilmasiga raketa va dron hujumlarini kuchaytirgan, natijada poytaxtning ayrim hududlarida elektr va suv ta’minoti uzilgan.
“Men prezident Trampni Rossiyaning bizning energetika tizimimizga qilayotgan hujumlari haqida xabardor qildim va uning bizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qadrlayman,” — dedi Zelenskiy.

