Fransiyaning xususiy sektori kutilmaganda qisqardi — bunga davlat byudjeti atrofidagi siyosiy tortishuvlar va iqtisodiy noaniqlik sabab bo‘ldi.
S&P Global ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning kompozit PMI indeksi oktyabr oyida 46,8 punktga tushdi (sentyabrdagi 48,1 dan). Bu natija iqtisodiy o‘sish (50 punkt) chegarasidan ancha past bo‘lib, mutaxassislar kutgan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermaganini ko‘rsatadi.
Tahlilchilarning aytishicha, eng katta pasayish xizmat ko‘rsatish sohasida kuzatilgan — u fevral oyidan beri eng yomon natijani qayd etdi.
Hamburg Commercial Bank iqtisodchisi Jonas Feldhusenning ta’kidlashicha, “Fransiyada sust iqtisodiy faollik asosan global iqtisodiy zaiflik va ichki siyosiy beqarorlik bilan bog‘liq.”
Mamlakatda byudjet taqchilligi Yevro hududida eng yuqori darajada bo‘lib, bu hukumatga xarajatlarni nazorat qilishni qiyinlashtirmoqda. Fransiya banki rahbari Fransua Villerua de Galo siyosiy beqarorlik iqtisodiy tiklanishga to‘sqinlik qilayotganini aytdi.
O‘tgan haftada S&P Global Ratings Fransiyaning kredit reytingini pasaytirgani ham investorlar ishonchini yanada susaytirdi.
Shu bilan birga, Insee statistika agentligi oktyabrda ishbilarmonlar va iste’molchilar ishonchi biroz oshganini qayd etgan, ammo aholi orasida jamg‘arma qilishga moyillik rekord darajada ko‘tarilgan — bu esa ichki iste’molni sekinlashtirishi mumkin.

