Yaponiyaning eksport o‘sishi iyul oyida so‘nggi yillardagi eng yuqori sur’atga chiqdi. Bunga asosan avtomobillar hamda yarimo‘tkazgichlarga bo‘lgan kuchli talab va iyenaning qadrsizlanishi sabab bo‘ldi. Bu haqda bloomberg nashri ma’lum qildi.
Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Yaponiyaning eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,2 foizga oshgan. Bu 2022-yilning oktyabr oyidan buyon qayd etilgan eng tezkor o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu bilan birga, import hajmi ham 27,8 foizga ko‘tarilib, savdo taqchilligi 634,5 milliard iyenagacha kengaygan va ketma-ket uchinchi oy manfiy holat saqlanib qolgan.
Eksportning bunday tez sur’atlarda o’sishiga sun’iy intellekt texnologiyalariga bo’lgan global talab ortidan elektronika va chiplar savdosining jonlanishi asosiy drayver bo’ldi. Xususan, elektron komponentlar, jumladan, yarimo‘tkazgichlar eksporti qariyb 49 foizga oshgan bo’lsa, yengil avtomobillar yetkazib berish hajmi 21 foizga ko’paydi.
Ushbu jarayonda milliy valyuta — iyenaning so‘nggi 40 yildagi eng past darajaga tushgani ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘l keldi. Zaif iyena xorijiy bozorlarda Yaponiya mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirib, korxonalar daromadini qo‘llab-quvvatlovchi muhim omilga aylandi. Moliya vazirligi hisobotida qayd etilishicha, iyul oyida dollar kursiga nisbatan o’rtacha iyena qiymati 161,83 ni tashkil etib, o’tgan yilga qaraganda 11,2 foizga qadrsizlangan.
Eksport yo’nalishlari bo’yicha tahlil qilinganda, Yaponiyadan Xitoyga yetkazib berish hajmi eng yuqori, ya’ni 25,8 foizga o’sganini ko’rish mumkin. Shuningdek, Qo’shma Shtatlarga eksport 22 foizga, Yevropa davlatlariga esa 19,1 foizga ko’paygan. Yaponiyalik ishlab chiqaruvchilarning ushbu natijalari mamlakat iqtisodiyoti uchun ijobiy signal sifatida qabul qilinmoqda.
Avvalroq Finpress.uz Yaponiya va Janubiy Koreya birjalari keskin qulagani haqida xabar bergan edi.


