Shveysariya iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi choragida kutilganidan tezroq o’sishni qayd etdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Eron urushi boshlanishi ortidan energiya narxlarining keskin sakrashi va milliy valyuta – frankning mustahkamlanishiga qaramay, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) ijobiy ko’rsatkichlarni saqlab qoldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdagi yirik sport tadbirlari ta’siridan tozalangan yalpi ichki mahsulot (YaIM) oldingi chorakka nisbatan 0,5 foizga oshgan. Bu ko’rsatkich Bloomberg so‘rovida ishtirok etgan iqtisodchilarning o‘rtacha prognozi hisoblangan 0,4 foizdan biroz yuqoriroqdir.
Iqtisodiy masalalar bo’yicha Davlat kotibiyatining ma’lum qilishicha, birinchi chorakdagi o’sishga asosan sanoat va xizmat ko’rsatish sohalari ijobiy hissa qo’shgan.
Urush va valyuta ta’siri
Eronga qilingan dastlabki hujumlar neft va gaz narxlarining osmonga sapchishiga olib keldi. Shu bilan birga, investorlar xavfsiz aktiv hisoblangan Shveysariya frankiga sarmoya kirita boshlashi valyutaning keskin qimmatlashishini keltirib chiqardi. Ammo mart oyi oxirlarida bozorlardagi narxlarning nisbatan pasayishi eksportchilarga chorakni ijobiy natijalar bilan yakunlashga yordam bergan bo’lishi mumkin.
Eslatib o’tamiz, o’tgan yilning yoz oylarida AQSh tariflari siyosatidagi o’zgarishlar tufayli Shveysariya iqtisodiyotida qisqa muddatli pasayish kuzatilgan edi. Birinchi chorak natijalari esa iqtisodiyot qatorasiga ikkinchi chorakda ham barqaror o’sishga erishganini ko’rsatmoqda. Yakuniy o’sish ko’rsatkichlari va uning omillari bo’yicha to’liq hisobot 1-iyun kuni e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

