2026-yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga oshib, 7,09 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlarida keltirilgan.
So‘nggi besh yilda ushbu ko‘rsatkich deyarli ikki baravarga oshdi: agar 2022-yilning birinchi yarim yilligida o‘rtacha ish haqi 3,55 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 4,33 mln so‘mga, 2024-yilda 5,1 mln so‘mga, 2025-yilda 5,99 mln so‘mga yetgan, joriy yilda esa 7,09 mln so‘mdan oshdi.
Hududlar bo‘yicha vaziyat
O‘rtacha ish haqi darajasi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilikni saqlab qolmoqda — bu yerda ko‘rsatkich 12,01 mln so‘mga yetgan (yil davomida +18,2%). Ikkinchi o‘rinni Navoiy viloyati — 8,72 mln so‘m (+16,4%), uchinchi o‘rinni esa Toshkent viloyati — 6,67 mln so‘m (+17,8%) egalladi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (+20,4%), Namangan (+19,4%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (+18,2%) qayd etildi. Eng past o‘sish sur’ati esa Andijon viloyatida kuzatildi (+15,1%).
Sohalar va tarmoqlar bo‘yicha ish haqi
Eng yuqori maoshlar an’anaviy ravishda bank-moliya sektorida saqlanib qolmoqda — 19,1 mln so‘m (+17,5%). Keyingi o‘rinlardan quyidagi sohalar joy olgan:
- Axborot va aloqa: 17,41 mln so‘m (+15,3%);
- Tashish va saqlash: 11,07 mln so‘m (+22,8%);
- Sanoat: 8,26 mln so‘m (+15,4%);
- Savdo: 7,65 mln so‘m (+13,1%);
- Qurilish: 7,02 mln so‘m (+19,9%).
Eng kam oylik maoshlar sog‘liqni saqlash (4,44 mln so‘m) hamda ta’lim (4,97 mln so‘m) sohalarida saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, ushbu tarmoqlar eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etdi — mos ravishda 20,1% va 20,3%.
Sohalar ichida eng yuqori maoshlar
- Moliya sohasi: Sug‘urta va qayta sug‘urtalashda o‘rtacha maosh 26,01 mln so‘mga, moliya xizmatlarida esa 24,89 mln so‘mga yetadi.
- Axborot va aloqa: Kompyuter dasturlash va konsaltinq xizmatlari (22,23 mln so‘m) hamda axborot xizmatlari (21,41 mln so‘m) yetakchilik qilmoqda.
- Sanoat: Tog‘-kon sanoatida xodimlar o‘rtacha 11,7 mln so‘m, energetikada — 10,19 mln so‘m oladi.
- Ta’lim: Eng yuqori daromad oliy ta’lim muassasalari xodimlarida kuzatildi — 12,04 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda ko‘rsatkich 5,37 mln so‘mni, maktablarda 4,66 mln so‘mni, maktabgacha ta’limda esa 2,72 mln so‘mni tashkil etadi.

