Qiymati $2,2 milliard bo‘lgan Toshkent — Samarqand yangi altitasmali pullik avtomobil yo‘li qurilishining 85 foizi xorijiy investitsiyalar hisobidan, qolgan 15 foizi esa davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangi magistral yuk tashish tannarxini salkam chorak qismga kamaytirish imkonini beradi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, yangi magistral qurilishi mavjud yo‘ldagi tirbandliklar va ortib borayotgan transport yuklamasi sababli zaruriyatga aylandi. Amaldagi yo‘l dastlab sutkasiga 20–30 mingta avtomobilga mo‘ljallangan bo‘lsada, bugungi kunda undan har kuni 60 minggacha transport vositasi o‘tmoqda.
Qayd etilishicha, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi, aholi daromadlarining oshishi hamda transport oqimining ko‘payishi Toshkent va Samarqand o‘rtasida muqobil yo‘l barpo etishni taqazo etdi. Loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bir necha bor muhokama qilingan, xalqaro muhandis-maslahatchilar va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Loyihalashtirish jarayonida Germaniya, Turkiya va Janubiy Koreyaning pullik yo‘llar barpo etish tajribasi o‘rganildi.
Loyihaning asosiy ko‘rsatkichlari va infratuzilmasi:
- Uzunligi: taxminan 280 km (6 tasmali harakat yo‘lagi);
- O‘tkazuvchanlik qobiliyati: sutkasiga 60 mingdan 80 minggacha avtomobil;
- Yo‘l qoplamasi: yuqori tezlikda harakatlanuvchi og‘ir yuk transporti uchun mo‘ljallangan yaxlit (monolit) beton;
- Inshootlar: 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich, 60 ta piyodalar o‘tish joyi, yer osti o‘tish yo‘llari va qishloq xo‘jaligi ob’ektlari;
- Jihozlanishi: zamonaviy raqamli yechimlar va intellektual transport tizimi (ITT).
Iqtisodiy samaradorlik
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi magistralning ishga tushirilishi yuk tashish tannarxini 19–24 foizga kamaytiradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga 5 baravargacha daromad keltirish salohiyatiga ega.
Yo‘l qurilishi Toshkent shahri hamda Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining yalpi hududiy mahsuloti (YHM) o‘sishini taxminan 3 foizga ta’minlashi kutilmoqda.
Qurilish ishlariga start berish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘l yaqin yillar uchun emas, balki kelgusi 50–60 yillik istiqbolni ko‘zlab 6 tasmali qilib loyihalashtirilganini ta’kidladi.

