O‘zbekistonda uylarni “rassrochka”ga sotib olish taqiqlanishi bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan Adliya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Kiritilayotgan yangi cheklovlar quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita savdoga emas, balki faqatgina vositachi operatorlarga taalluqli bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda uy-joylarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotib olish jarayoni cheklanishi haqida turli xabarlar tarqalgan edi. Adliya vazirligi ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritib, buni asossiz ekanligini va qonunchilikdagi o’zgarishlar aslida qanday ishlashini tushuntirib o‘tdi.
Prezidentning 2026-yil 14-avgustda qabul qilingan qaroriga asosan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyatini tartibga soluvchi yangi tartib kuchga kiradi. Ushbu hujjatga ko‘ra, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatuvchi vositachi yuridik shaxslar, ya’ni muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulk xarid qilish taqiqlanadi. Boshqacha aytganda, vositachi-operator xaridorga uy-joyni “rassrochka»ga olib berish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
Shunga qaramay, mazkur qoida quruvchi tashkilotlarning o‘zi qurgan uylarni xaridorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishini hech qanday tarzda cheklamaydi. Qarorda sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi bevosita savdo holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan to’liq istisno qilingan. Shu sababli, 2027-yildan keyin ham fuqarolar bemalol bevosita quruvchining o‘zidan uylarni qismlarga bo‘lib to‘lash orqali sotib olishda davom etishlari mumkin bo‘ladi. Yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi o’zaro to’g’ridan-to’g’ri savdoga to’sqinlik qilmaydi.
Shu bilan birga, qaror orqali muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar faoliyatiga qator jiddiy talablar joriy etilmoqda. Endilikda ular maxsus reyestrga kiritiladi hamda to’liq Markaziy bank nazorati ostida o’z faoliyatini yuritadi. Shuningdek, vositachilarning mijozlar bilan tuzadigan shartnomalari, hisoblaydigan ustama va komissiya to‘lovlariga nisbatan ham aniq hamda qat’iy talablar belgilanadi.
Avvalroq Financial Press nashri 2027-yildan nasiya savdo tizimiga yangi tartiblar joriy etilishi haqida yozgan edi.


