O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan e’tiboran nasiya savdo va muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yangi tartib-qoidalar kuchga kiradi. Mamlakat moliya bozorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida ushbu soha to‘liq Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi.
Yangi qoidalarga muvofiq, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Uzum Nasiya, Alif Nasiya kabi barcha muddatli to‘lov tashkilotlari maxsus reyestrga kiritiladi va regulyatorning qat’iy talablariga bo‘ysunadi. Ushbu tashabbus aholining moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda nobank kredit tashkilotlari xizmatlarini tizimlashtirishga qaratilgan.
Kiritilayotgan eng asosiy o‘zgarishlardan biri shartnoma muddatlarining qisqarishidir. Endilikda nasiya savdo shartnomalari maksimal bir yil, ya’ni 12 oy muddatga tuziladi. Maishiy texnika, elektronika va boshqa tovarlarni 18 oydan 24 oygacha bo‘lib to‘lash tartibi butunlay bekor qilinadi. Biroq mazkur cheklov an’anaviy tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarga taalluqli bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan muddatli to‘lov asosida xarid qilinadigan har bir shartnomaning eng yuqori summasi 110 million so‘mdan oshmasligi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Bu orqali fuqarolarning haddan tashqari ko‘p qarz yuki ostida qolishining oldi olinadi.
Bozorda to‘liq oshkoralikni ta’minlash maqsadida sotuvchilar va platformalar uchun yangi shartlar yuklanmoqda. Nasiya savdo shartnomasida tovarning ustama foizi, operator komissiyasi va boshqa barcha qo‘shimcha to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi majburiy bo‘ladi. Natijada xaridor mahsulotning asl narxiga qancha ustama qo‘shilganini shaffof ko‘rib turadi.
Iste’molchilar uchun yana bir qulaylik shundaki, ular o‘z qarzlarini istalgan vaqtda qisman yoki to‘liq muddatidan oldin yopish huquqiga ega bo‘ladilar. Qarzni erta qaytarganlik uchun hech qanday qo‘shimcha komissiya, jarima yoki penya undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yangi tartib doirasida ko‘chmas mulk obyektlarini nasiya savdo orqali sotish butunlay taqiqlanadi. Turar-joy xarid qilish jarayonida faqat banklarning rasmiy ipoteka kreditlari xizmatidan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Financial Press karta bankomatda qolib ketsa, kim javobgarligi haqida batafsil maqola e’lon qilgan edi.

