Nvidia obligatsiyalari bo‘yicha xavfning ortishi hamda Xitoyning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uskunalarini yaratishdagi muvaffaqiyati ortidan Yaponiya va Janubiy Koreya birja indekslari keskin pasaydi. Yarimo‘tkazgich sohasidagi yetakchi kompaniyalar aksiyalari rekord darajada arzonlashdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Osiyoning yirik moliyaviy bozorlarida texnologiya va yarimo‘tkazgich kompaniyalari aksiyalarida ommaviy sotuvlar kuzatildi. Oqibatda Yaponiya va Janubiy Koreya fond birjalari so‘nggi oylardagi eng quyi ko‘rsatkichlarga tushdi.
Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi 4 foizgacha arzonlashib, 22-maydan beriki eng past darajasiga tushgan bo‘lsa, keng qamrovli Topix indeksi 2,7 foiz yo‘qotdi. Janubiy Koreyaning Kospi indeksi esa 7,6 foizga qulab, 20-apreldan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Aksiyalardagi keskin pasayishlar:
- SK Hynix Inc. aksiyalari 30 foizgacha arzonlashdi — bu kompaniya tarixidagi eng keskin sutkalik pasayish bo‘ldi;
- Kioxia Holdings Corp. aksiyalari 18 foizgacha tushib, o‘tgan yilning noyabridan beriki eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi;
- Tokyo Electron Ltd. va Samsung Electronics Co. kabi yarimo‘tkazgich uskunalari hamda chiplar ishlab chiqaruvchi boshqa gigantlar aksiyalari ham 9 foizdan ortiq qiymat yo‘qotdi.
Bozordagi xavotir sabablari
Bozorlardagi salbiy kayfiyatga Nvidia Corp. kompaniyasining 750 milliard dollardan ortiq sun’iy intellekt kelishuvlari va uning qarz majburiyatlarini sug‘urtalash narxi (CDS) keskin oshgani sabab bo‘ldi. Nomura Asset Management bosh strategik tahlilchisi Xideyuki Ishiguroning ta’kidlashicha, Nvidia’ning kredit xavfi ortishi investorlar tomonidan salbiy baholandi.
Bundan tashqari, The Information nashrining xabar berishicha, Xitoy davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kompaniya immersion chuqur ultrabinafsha (DUV) litografiya mashinalarini ishlab chiqarishni boshlagan. Xitoyning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uskunalarida erishayotgan bu yutug‘i uzoq yillardan beri ustunlikka ega bo‘lib kelgan Yaponiya yetkazib beruvchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi.

