Fransiya politsiyasi Luvr muzeyidan 88 million yevrolik qirollik taqinchoqlari o‘g‘rilangan jinoyat ishi bo‘yicha ikki kishini qo‘lga oldi.
Parij prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlardan biri shanba kuni kechqurun Sharl de Goll aeroportida, ikkinchisi esa Parij yaqinidagi Sena-Sen-Deni hududida hibsga olingan.
Prokuror Lor Bekkua hibslar haqida erta xabar tarqalganidan afsus bildirar ekan, bu “100 dan ortiq tergovchining ishini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini” ta’kidladi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, aeroportda ushlangan shaxs Jazoirga uchib ketmoqchi bo‘lgan, ikkinchisi esa Maliga yo‘l olishni rejalashtirgan. Har ikkisi 30 yosh atrofida bo‘lib, ilgari o‘g‘rilik uchun sudlangan.
Politsiya ularni voqea joyida topilgan ashyolar — qo‘lqop, shlyoma, elektr asboblar va raketkalardagi DNK va barmoq izlari orqali aniqlagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yakshanba kuni ertalab to‘rtta jinoyatchi o‘g‘irlangan yuk mashinasida muzeyga kelgan. Ularning ikkitasi o‘zini texnik xodim sifatida ko‘rsatib, birinchi qavatdagi “Apollo galereyasi” derazasini sindirib, ikki vitrinni ochib, zargarlik buyumlarini olib chiqib ketgan.
Ular atigi yetti daqiqa ichida ishni amalga oshirib, motosikllarda qochib ketgan. Jinoyatchilar bir dona toji tushirib qoldirgan, ammo Napoleon I tomonidan sovg‘a qilingan marvaridli va olmosli taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Ichki ishlar vaziri Loran Nunez tergovchilarni tabriklab, ularni “mashaqqatli mehnatlari” uchun olqishladi, biroq “oltin va marvaridlar qismlarga bo‘linib, xorijga chiqarib yuborilishi mumkinligini” ham tan oldi.
Luvr rahbari Lorans de Kar esa muzeydagi xavfsizlik tizimida “ko‘r joylar” mavjudligini tan olib, yangi 80 million yevrolik xavfsizlik modernizatsiyasi boshlanishini ma’lum qildi.
Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati Luvr xavfsizligi bo‘yicha hisobotni kelasi hafta boshida taqdim etishni buyurgan.

