Turkmaniston kriptomayning va kriptobirjalarni qonuniylashtirdi. Bu haqda davlat gazetası “Neytralniy Turkmenistan” xabar berdi.
Prezident Serdar Berdimuhammedov tomonidan imzolangan yangi “Virtual aktivlar to‘g‘risida”gi qonun mamlakatda raqamli aktivlar bozorining tartibga solinishini boshlab beradi.
Qonunga ko‘ra, kriptovalyuta qazib olish faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan individual tadbirkorlar va yuridik shaxslarga ruxsat etiladi. Shuningdek, uchinchi shaxslarga tegishli mayning uskunasidan ularning ruxsatisiz foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Kriptobirjalar, shuningdek, virtual aktivlar bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar Markaziy bankdan maxsus litsenziya olgan taqdirda faoliyat yurita oladi. Litsenziya qamrovi kripto-aktivlarni sotish, sotib olish, almashtirish, saqlash, o‘tkazish, boshqarish hamda ularning birlamchi joylashtirilishini (ICO) o‘z ichiga oladi. Kriptobirja tashkilotchilari sifatida nafaqat Turkmaniston rezidentlari, balki xorijlik investorlar ham qatnasha oladi.
Yangi qonun reklama talablarini ham qat’iylashtiradi: kriptovalyutalar haqidagi har qanday reklama majburiy ravishda xavf-xatarlar, davlat tomonidan ta’minlanmasligi va mablag‘ yo‘qotilishi ehtimoli haqida ogohlantirishlarni o‘z ichiga olishi kerak. Hujjatda ta’kidlanishicha, Turkmaniston hukumati virtual aktivlarning qiymati pasayishi yoki yo‘qolishi uchun mas’uliyat olmaydi va ularning qiymati qaytarilmaydi.

