Ijtimoiy tarmoqlarda bank kartasiga ega bo‘lgan voyaga yetmaganlar mobil ilovalar orqali kartani biriktira olmayotgani haqida shikoyatlar ko‘paydi. Mazkur holat yuzasidan Markaziy bank rasmiy munosabat bildirdi.
Regulyatorning ma’lum qilishicha, banklar va to‘lov tashkilotlariga maxsus ko‘rsatma yuborilgan. Unda voyaga yetmagan mijozlar uchun mobil ilovadan foydalanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish, xavf darajasi yuqori bo‘lgan operatsiyalarni esa qo‘shimcha identifikatsiya orqali himoyalash belgilangan.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda yoshlar o‘z bank kartalaridan mobil ilovalar orqali to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ta’kidlab o‘tamiz, «Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma»ga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, 14–18 yoshdagi o‘smirlar tijorat banklarida mustaqil ravishda bank kartasi ochish huquqiga ega. 14 yoshgacha bo‘lganlarga esa karta ota-onasi yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida rasmiylashtiriladi.

