O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi mamlakatning turistik jozibadorligini xalqaro raqamli platformalarda keng targ‘ib qilish maqsadida yirik sayohat xizmatlari provayderlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Xususan, Osiyo bozorida «Trip.com» platformasi orqali raqamli marketing kampaniyasi boshlanishi kutilmoqda.
Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga e’tibor
Oylik faol foydalanuvchilari 400 milliondan ortiq bo‘lgan «Trip.com» platformasi O‘zbekiston turizmini Indoneziya, Malayziya va Tailand, shuningdek Xitoy davlatlarida faol reklama qiladi. Ayni paytda Turizm qo‘mitasi ushbu jarayon uchun bevosita muzokaralar olib bormoqda va loyiha orqali 50 mingdan ko‘proq potensial turistlarni jalb qilish maqsad qilingan. Ma’lumot uchun, joriy yilning o’tgan davrida Malayziyadan O’zbekistonga kelgan sayyohlar oqimi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga o‘sgan. Bu esa ushbu mintaqa bozorining iqtisodiy istiqboli yuqoriligini ko’rsatadi.
Global raqamli marketingning boshqa yo’nalishlari
Xalqaro sayyohlarni jalb qilish faqat Osiyo bilan cheklanib qolmaydi. Yevropa va Amerika qit’asida ham xuddi shunday yirik raqamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 130 million oylik foydalanuvchiga ega AQShning «Expedia Group» hamda 90 mingdan ortiq turizm agentliklarini birlashtirgan Ispaniyaning «Amadeus» platformalari orqali Germaniya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Skandinaviya davlatlarida O’zbekiston turizmi targ‘ib qilinadi.
Umumiy hisobda, ushbu global raqamli platformalardagi reklamalar va loyihalar yakuni bo‘yicha mamlakatimizga qo‘shimcha ravishda taxminan 150 ming nafar xorijiy turist tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda.
Finpress avvalroq Turizm loyiha boshqaruviga o‘tayotgani va sohaga 950 mlrd so‘m ajratilishi haqida xabar bergan edi.

