BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, global bozorda asosiy iste’mol tovarlari narxlari pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Xususan, don, sut va shakar narxlari arzonlashgan bir paytda, go‘sht bozorida mutlaqo boshqacha vaziyat kuzatilmoqda. Finpress.uz global oziq-ovqat bozoridagi so‘nggi o‘zgarishlar va ularning sabablarini tahlil qildi.
Jahon moliya va tovar bozorlarida oziq-ovqat indeksining pasayishi inflyatsiyadan charchagan iste’molchilar uchun ijobiy signal bo’lsa-da, hamma mahsulotlar ham birdek arzonlashayotgani yo’q.
Bozorning «arzonlashgan» qahramonlari: Don, sut va shakar
Don mahsulotlari bo‘yicha Shimoliy yarim sharda bug‘doy hosili kutilganidan yaxshi bo‘lgani va yirik eksportyor mamlakatlar (ayniqsa, Rossiya va AQSh) o‘rtasidagi raqobat sababli don narxi pasayishda davom etmoqda. Shuningdek, makkajo‘xori va guruch bozorida ham taklif hajmi yetarli darajada ekanligi kuzatilmoqda.
Sut mahsulotlari segmentida esa Okeaniya va Yevropada sut ishlab chiqarish hajmining mavsumiy ortishi hamda jahon bozorida import talabining biroz sustlashishi oqibatida sariyog‘ va sut kukuni narxlari sezilarli darajada arzonlashdi.
Shakar bozoriga to‘xtaladigan bo‘lsak, Braziliyada shakarqamish hosildorligi yuqori bo‘lgani va Hindistonda ob-havo sharoitlarining yaxshilanishi global shakar taqchilligi xavfini kamaytirdi va narxlarni pastga qarab itarmoqda.
Xo‘sh, go‘sht narxi nega arzonlashmayapti?
Don va yem-xashak narxlari tushayotganiga qaramay, go‘sht mahsulotlari jahon bozorida qimmatlashishda davom etmoqda. Buning ortida bir nechta asosiy omillar yotibdi.
Parranda go‘shti segmentida dunyoning qator yirik eksportyor mamlakatlarida parrandachilik xo‘jaliklariga xavf solayotgan parranda grippi sababli logistika va yetkazib berish zanjirida uzilishlar yuzaga keldi.
Qoramol go‘shti bo‘yicha esa AQSh va Shimoliy Amerikaning boshqa hududlarida chorva mollari sonining kamayishi tufayli mol go‘shtiga bo‘lgan global talab mavjud taklifdan sezilarli darajada ustun kelmoqda.
Bundan tashqari, logistika va ichki talab omili ham muhim rol o‘ynayapti. Osiyo mamlakatlarida go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabning barqaror o‘sishi narxlarning global miqyosda tushishiga yo‘l qo‘ymayapti.
Jahon bozoridagi oziq-ovqat xomashyosi narxlarining pasayishi yaqin oylarda global inflyatsiya bosimini biroz yumshatishi kutilmoqda. Import qilinadigan shakar, o‘simlik yog‘i va un mahsulotlari narxida barqarorlik saqlanib qolsa-da, go‘sht bozoridagi qimmatlashuv tendensiyasi ichki bozorda ushbu mahsulot narxini jilovlash uchun mahalliy chorvachilik va parrandachilikni yanada faolroq qo‘llab-quvvatlash zarurligini ko‘rsatmoqda.

