Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 13 foizga oshib, 9,3 milliard dollarga yetdi, deb xabar berdi Markaziy bank.
Regulyatorning ichki valyuta bozori bo‘yicha sharhiga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida kelib tushgan 9,3 milliard dollarlik o‘tkazmalar o‘tgan yilning mos davridagidan ($8,2 mlrd) 13 foizga, 2024-yilning birinchi yarmidagidan ($6,5 mlrd) esa qariyb 44 foizga ko‘pdir.
Shu bilan birga, mamlakatdan tashqariga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi biroz o‘sib, 1,32 milliard dollarni tashkil etdi (o‘tgan yili 1,22 mlrd dollar bo‘lgan). Natijada xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo qariyb 8 milliard dollarga yetdi.
Markaziy bank ta’kidlashicha, jismoniy shaxslarning tijorat banklari bilan operatsiyalari bo‘yicha ijobiy saldo ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining qo‘shimcha manbasiga aylandi.
Dastlabki olti oyda aholi banklarga 12,26 milliard dollar miqdorida xorijiy valyuta sotdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ($9,1 mlrd) deyarli 1,4 baravarga ko‘pdir. Aholi tomonidan valyuta xarid qilish hajmi esa 26 foizga oshib, 5,39 milliard dollardan 6,77 milliard dollarga yetdi.
Shu tariqa, fuqarolar tomonidan taklif etilgan xorijiy valyuta hajmi unga bo‘lgan talabdan 5,49 milliard dollarga oshib ketdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida ushbu ijobiy saldo 3,71 milliard dollarni, 2024-yilning birinchi yarmida esa 2,6 milliard dollarni tashkil etgan edi.

