O‘zbekistonda yangi o‘quv yili arafasida tashkil etilgan mavsumiy maktab bozorlarida narxlarning asossiz oshirilishi va sifat talablariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tadbirkorlarni qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.
Bugungi kunda respublika hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida o‘quv-yozuv qurollari, darsliklar va maktab formalarini sotishga ixtisoslashgan mavsumiy yarmarkalar o‘z ishini boshlagan. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotgan ota-onalar farzandlari uchun zarur anjomlarni sifatli hamda hamyonbop narxlarda xarid qilish maqsadida ushbu savdo nuqtalariga tashrif buyurmoqda.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Tashkilot xaridorlarga mahsulot tanlashda uning sifati, ishlab chiqaruvchisi va narxiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda. O‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlaridan sotilayotgan tovarlarning sifati va narxining asosliligini ta’minlash hamda xaridorlarga to‘liq ma’lumot taqdim etish talab qilinadi.
Vakolatli organ maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan barcha sotuvchilarni narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslikka hamda qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga rioya etishga qat’iy chaqirmoqda. Bu borada narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘mita tomonidan joylarda doimiy monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, fuqarolar maktab bozorlarida o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar narxining asossiz oshirilishi holatlariga guvoh bo‘lsa, huquqbuzarliklar yuzasidan Raqobat qo‘mitasining yagona 1159 qisqa raqamiga ishonch telefoni orqali murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.
Avvalroq Financial Press nashri uy-joyni muddatli to‘lovga olish taqiqlanmasligi haqida xabar bergan edi.


