O‘zbekiston tijorat banklarida birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun taklif etilayotgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari 0 foizdan 30 foizgacha shakllanmoqda. Ta’mirlash ishlari uchun ajratiladigan kreditlar stavkasi esa 18 foizdan boshlanib, ayrim banklarda ajratiladigan mablag‘ summasi 4 milliard so‘mdan ham oshadi.
Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan tijorat banklarining rasmiy veb-saytlaridagi ma’lumotlar asosida uy-joy kreditlari bo‘yicha haftalik sharh e’lon qilindi. Unga ko‘ra, fuqarolar uchun birlamchi va ikkilamchi bozordan uy xarid qilish shartlari banklarning mahsulot turiga qarab keskin farq qiladi. Xususan, moliya muassasalarida foiz stavkalari 0 foizdan 30 foizgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib turishi kuzatilgan.

Ipoteka krediti miqdori bo‘yicha bozordagi eng yuqori ko‘rsatkich BRB tomonidan taklif etilmoqda va bu summa 4,12 milliard so‘mgacha yetadi. Undan keyingi o‘rinlarda 3,48 milliard so‘mgacha limit bilan Ipak Yo‘li banki hamda 3 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratayotgan Universal bank bormoqda. Shuningdek, Asakabank, Orient Finans Bank va Ziraat Bank mijozlarga 2 milliard so‘mgacha bo’lgan miqdorda ipoteka olish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Ayrim maxsus kredit mahsulotlarida boshlang‘ich stavka 0 foiz etib ko‘rsatilgani e’tiborga loyiq. Jumladan, Apexbank o‘z mijozlariga 0 dan 25 foizgacha, Ipoteka bank 0 dan 26,99 foizgacha va Orient Finans Bank 0 dan 26 foizgacha bo‘lgan oraliqda ipoteka kreditlarini taklif qilmoqda. Aksincha, eng yuqori stavkalardan biri Garant bankda qayd etilgan bo‘lib, ushbu muassasada ko‘rsatkich 26 foizdan 30 foizgacha boradi.

Uylarni oddiy va yashil ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladigan kreditlar bozorida ham turlicha shartlar mavjud bo’lib, bu yo‘nalishda foiz stavkalari 18 foizdan 34,1 foizgacha ekanligi ma’lum qilingan. Eng past va hamyonbop stavkalardan biri Mikrokreditbank tomonidan 18 foiz miqdorida taklif qilinmoqda. Undan keyingi o’rinlarda Hamkorbank va O’zsanoatqurilishbank 19 foizlik, Xalq banki esa 20 dan 24 foizgacha bo’lgan shartlar bilan turibdi. Eng yuqori stavka esa Davr bankka tegishli bo‘lib, ta’mir kreditlari 27,1 foizdan 34,1 foizgacha bo‘lgan oraliqda beriladi.
Ta’mirlash va yashil ta’mir kreditlari bo‘yicha eng katta summa yana BRB hissasiga to‘g‘ri kelib, bank mijozlarga 1,442 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratadi. Orient Finans Bank bu yo’nalishda 400 million so‘mgacha, Hamkorbank 350 million so‘mgacha qarz taqdim etadi. Aloqabank, Davr bank va Xalq banki tomonidan ta’mirlash ishlari uchun beriladigan eng yuqori summa esa bir xilda 300 million so‘m etib belgilangan.
Avvalroq Finpress.uz 20-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.


