Turonbank matbuot xizmati moliya muassasasi rahbari Chori Mirzayevning qo‘lga olingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi. Rahbariyat bilan bog‘liq vaziyatga qaramay, bank odatdagi tartibda faoliyatini davom ettirayotgani va mijozlar oldidagi barcha majburiyatlar o‘z kuchida qolishi ma’lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, 21-noyabr kuni Turonbank rahbari Chori Mirzayev Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qo‘lga olingan. Ma’lum qilinishicha, u yirik miqdordagi pul mablag‘larini talon-toroj qilishda gumonlanmoqda. Ushbu ma’lumotni mahalliy ommaviy axborot vositalari, xususan, Kun.uz nashri ham o‘z manbasiga tayangan holda tasdiqlagan.
Yuzaga kelgan vaziyat fonida Turonbank matbuot xizmati mijozlar hamda hamkorlar uchun rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda ta’kidlanishicha, moliya muassasasi hozirda hech qanday cheklovlarsiz, to‘liq odatdagi ish tartibida faoliyat yuritmoqda. Mamlakat bo‘ylab joylashgan barcha bank xizmatlari markazlari, ofislar hamda raqamli platformalar aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatishni izchil davom ettirmoqda.
Bank vakillari mijozlar oldidagi ishonch va moliyaviy barqarorlik saqlanib qolishini alohida qayd etgan. Rasmiy xabarda bankning omonatchilar, mijozlar, investorlar va barcha hamkorlar oldidagi avvalgi majburiyatlari to‘liq hajmda o‘z kuchida qolishi ta’kidlangan.
Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Turonbank faoliyati qonunchilikda belgilangan korporativ boshqaruv hamda ichki nazorat talablariga muvofiq ravishda tashkil etilgan. Shu sababli tashkilot jamoasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishda va mijozlar manfaatlarini ta’minlashda davom etmoqda.
Shuningdek, bank o‘z mijozlari bilan doimiy ravishda ochiq muloqot olib borishga va kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Bank xizmatlari bilan bog‘liq barcha savollar va murojaatlar 1220 raqamli aloqa markazi hamda muassasaning boshqa rasmiy kanallari orqali qabul qilinmoqda.
Turonbank rasmiy veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 1971-yilda tug‘ilgan Chori Sadibakosovich Mirzayev 2016-yilning sentyabr oyidan buyon ushbu bankka rahbarlik qilib kelayotgan edi. U oliy ma’lumotni 1995-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida hamda 2000-yilda Yaponiyaning Saytama universitetida olgan bo‘lib, 1995-yildan beri bank tizimida faoliyat yuritib kelgan.
Avvalroq Financial Press Markaziy Bank ish haqi olishda bank tanlash erkinligini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.


